
- 0
- 06.11.2026 14:06:00
- 1 min read
Joriy yilning 6-noyabr kuni Samarqand shahrida xavfsizlik masalalari bo‘yicha birinchi “SHHT plyus” ekspertlar muloqoti o‘z ishini boshladi. Tadbirda SHHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar va muloqot bo‘yicha hamkorlar vakillari ishtirok etmoqda.
Xalqaro uchrashuv “Raqamli transformatsiya davrida xavfsizlik: yangi texnologiyalar rivojlanishini hisobga olgan holda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish” mavzusiga bag‘ishlangan. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-polkovnik B. Qurbonov raisligida o‘tkazilmoqda.
Muloqotning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan murojaati Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V. Mahmudov tomonidan o‘qib eshittirildi.
Uchrashuvda SHHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar va muloqot bo‘yicha hamkorlarning maxsus xizmatlari rahbarlari hamda vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari va taklif etilgan mehmonlar qatnashmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur muloqot formatini yo‘lga qo‘yish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yilda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida ilgari surilgan. 2025-yilda Tyanszin shahrida o‘tkazilgan tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishida esa ilk ekspertlar muloqotini Samarqandda tashkil etish taklif qilingan.