
- 2
- 17.03.2026 14:48:00
- 1 daq o'qish
Turkiyaning Izmir shahrida 22 yoshli, Namangan viloyatidan bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol ko‘p qavatli uyning to‘rtinchi qavatidan tushib ketdi. Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda davlat shifoxonasiga yotqizilgan. Shifokorlar uning holatini og‘ir deb baholamoqda.
Ma’lum qilinishicha, ayolning eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan. U Turkiya fuqarosi bilan imom nikohi asosida turmush qurgan, biroq nikoh rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan. Ular Izmirda kuyovning yaqinlari bilan birga yashab kelgan. Uning turmush o‘rtog‘i ham u kabi eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxs hisoblanadi.
Hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda. Vaziyat O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan.