Kanye Uest AQSH rep tarixiga kirdi

Kanye Uest AQSH rep tarixiga kirdi
  • 1
  • 10.11.2026 11:09:00
  • 1 мин оқу

Amerikalik reper Kanye Uest AQSHda eng ko‘p tomoshabin qatnashgan rep-konsert bo‘yicha o‘z rekordini yangiladi. Uning Texas shtatidagi AT&T stadionida o‘tkazilgan konsertiga 83 mingdan ortiq muxlis tashrif buyurgan.

7-noyabr kuni Arlington shahridagi AT&T stadionida bo‘lib o‘tgan konsertda, tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, 83 132 ta chipta sotilgan. Stadion vakillari ushbu chiqishni AQSH tarixidagi eng ko‘p tomoshabin yig‘gan rep-konsert deb e’lon qildi.

Kanye Uest joriy yilning o‘zida uchinchi bor ushbu rekordni yangilamoqda. Avvalroq u Los-Anjelesdagi SoFi stadionida o‘tkazilgan konsertlarda qariyb 74 ming nafar muxlisni jamlagan edi. 31-oktabr kuni Xyustonda tashkil etilgan konsertga esa 80 mingdan ortiq tomoshabin tashrif buyurgani xabar qilingan.

Arlingtondagi konsert davomida sahnaga taniqli ijrochilar Kid Kadi va Erika Badu ham chiqdi. Ularning ishtiroki muxlislar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, konsertdan tushgan daromad 18 million dollarga yetgan.

Mazkur natija Kanye Uestning yirik stadion konsertlariga qaytishidagi navbatdagi muhim muvaffaqiyat sifatida baholanmoqda.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News