
- 10
- 07.11.2026 11:16:00
- 1 мин оқу
Mashhur yapon animesi “Naruto” ilk bor haqiqiy aktyorlar ishtirokida katta ekranlarga olib chiqiladi. Filmni suratga olish ishlari 2027-yil bahorida boshlanishi rejalashtirilgan.
Gollivudning Lionsgate kinostudiyasi “Naruto” animesi asosida to‘liq metrajli film yaratish loyihasini rasman ma’qulladi. Loyihaga Sony Pictures kompaniyasi ham qo‘shilib, filmni birgalikda moliyalashtirish va xalqaro kinoprokatga chiqarishni o‘z zimmasiga oldi.
Filmga “Shang-Chi va o‘n halqa afsonasi” hamda “O‘rgimchak odam: Mutlaqo yangi kun” kartinalari bilan tanilgan rejissyor Destin Deniel Kretton rejissyorlik qiladi. U ssenariy muallifi va prodyuser sifatida ham ishtirok etadi.
Ayni paytda Naruto Uzumaki, Sasuke Uchiha va Sakura Haruno rollari uchun xalqaro kasting jarayoni davom etmoqda. Shuningdek, “Riverdeyl” seriali orqali tanilgan aktyor Charlz Melton Kakashi Xatake rolini ijro etish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani xabar qilingan.
Ma’lumot uchun, “Naruto” yapon rassomi va yozuvchisi Masashi Kishimoto tomonidan yaratilgan manga asosida ishlangan. Asar o‘z qishlog‘ining yetakchisi — Hokage bo‘lishni orzu qilgan yosh ninja Naruto Uzumakining sarguzashtlari haqida hikoya qiladi. Manga dunyo bo‘ylab 250 million nusxadan ortiq tirajda chop etilgan.
Hozircha filmning yakuniy aktyorlar tarkibi va rasmiy premyera sanasi e’lon qilinmagan.