Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi qonun bilan belgilandi

Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi qonun bilan belgilandi
  • 2
  • 14.08.2026 13:26:00
  • 1 daq o'qish

Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi.
Yangi qonun bilan Prezident administratsiyasining huquqiy maqomi, vazifalari va vakolatlari aniq belgilandi. Avval administratsiyaning davlat organlari bilan munosabatlaridagi ayrim masalalarni qonun bilan tartibga solish bo‘yicha huquqiy bo‘shliq mavjud edi.
Qonun 4 ta bob va 34 ta moddadan iborat. Unga ko‘ra, Prezident administratsiyasi davlat rahbarining konstitutsiyaviy vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydigan davlat organi sifatida belgilanadi. Administratsiyani Prezident shakllantiradi va u Prezidentga bo‘ysunadi hamda hisobdor bo‘ladi.
Administratsiyaning asosiy vazifalari qatoriga Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalarini tayyorlash, ularning ijrosini tashkil etish va nazorat qilish, davlat rivojiga oid yangi tashabbuslarni ishlab chiqish hamda aholi va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotlarni tashkil etish kiradi.
Shuningdek, administratsiya qonunlarni Prezident imzolashi yoki qaytarishi uchun tayyorlash, Prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasini tashkil etish hamda Prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Qonunda Administratsiya rahbarining huquqiy maqomi va vazifalari, mansabdor shaxslarni tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibi ham belgilangan. Bundan tashqari, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslari yaratilgan.
Administratsiya parlament, hukumat, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar hamda sud hokimiyati organlari bilan hamkorlik qiladi.
Qonun Prezident administratsiyasining faoliyatini aniq huquqiy asosga solib, davlat boshqaruvida Prezident vakolatlarini amalga oshirish mexanizmlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News