
- 1
- 21.10.2026 11:46:00
- 1 daq o'qish
Nigeriya poytaxti Abujada Ebola virusi bilan kasallanish holati qayd etildi. Ma’lum qilinishicha, Uganda orqali mamlakatga kelgan ayolda Ebola virusi aniqlangan. Unda kasallik alomatlari 7-oktyabr kuni boshlangan. To‘rt kun o‘tib, u Abujadagi shifoxonaga yotqizilgan va keyinchalik tashxis tasdiqlangan. Bemorning Nigeriyaga qachon kelgani hozircha ma’lum emas.
Nigeriya sog‘liqni saqlash vaziri Muhammad Patening bildirishicha, hozirda bemor bilan aloqada bo‘lgan 44 kishida virus bor-yo‘qligi tekshirilmoqda. Uganda Sog‘liqni saqlash vazirligi bemor mamlakat hududidan faqat tranzit orqali o‘tganini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, ayol Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy hududiga xizmat safari bilan borgan. Virus qayerda yuqqani esa hozircha aniqlanmagan. Uganda rasmiylari mamlakatda Ebola bilan kasallanishning faol holatlari tasdiqlanmaganini ta’kidlagan.