
- 2
- 21.10.2026 11:31:00
- 1 daq o'qish
AQSH prezidenti Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davomida 300 mingdan ortiq xorijlikning vizasi bekor qilindi. Qayd etilishicha, 2025-yil yanvaridan beri vizalarni bekor qilish jarayoni davom etmoqda. 2026-yil 10-avgust holatiga ko‘ra, bekor qilingan vizalar soni 175 mingni tashkil etgan. So‘nggi haftalarda bu ko‘rsatkich 300 mingdan oshgan.
AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Tommi Pigott Tramp ma’muriyati boshqa ma’muriyatlarga qaraganda ko‘proq vizani bekor qilganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, qonunni buzgan, firibgarlik sodir etgan yoki milliy xavfsizlikka tahdid solgan xorijliklarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.
Vizasi bekor qilinganlar orasida Isroilning G‘azoga hujumlariga qarshi namoyishlarda qatnashgan hamda konservativ faol Charli Kirkning o‘ldirilishi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirgan shaxslar ham bor. Inson huquqlari himoyachilari ayrim holatlarda qo‘llanilgan choralarni tanqid qilmoqda.
Shuningdek, Tramp ma’muriyati xorijlik namoyishchilarni deportatsiya qilish bilan birga, migrantlar va viza talabgorlarining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini tekshirishni kuchaytirdi. Tramp 2024-yilgi saylovoldi kampaniyasida noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashishni va’da qilgan edi. Biroq uning ma’muriyati qonuniy immigratsiya tartiblarini ham qat’iylashtirmoqda. Jumladan, ayrim turdagi ish vizalari uchun yuqori miqdordagi to‘lovlar joriy etilgan.