
- 6
- 13.11.2025 10:19:00
- 1 min read
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasida chop etilgan maqolasida Markaziy Osiyo davlatlari yangi tarixiy bosqichga kirib, o‘zaro ishonch va hamjihatlikka asoslangan hamkorlikni rivojlantirayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, chegara masalalari hal etilib, mintaqada do‘stlik va hamkorlik ko‘prigi barpo etilgan. Farg‘ona tinchlik forumi, suv-energetika loyihalari, jumladan, Qambarota GES-1 misolida o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlik namoyon bo‘lmoqda.
Shuningdek, so‘nggi sakkiz yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobarga, o‘zaro savdo hajmi esa ikki baravarga oshgan. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan savdosi 2016-yildagi 2,4 milliard dollardan 2024-yilda 7,2 milliard dollarga yetgan.
Prezident Markaziy Osiyoda yoshlar salohiyatini rivojlantirish, ekologiya, “yashil iqtisodiyot”, raqamli texnologiyalar, sanoat kooperatsiyasi va gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishni ustuvor vazifa sifatida ko‘rsatdi.
“Ramziy ma’noda aytganda, biz devor emas, ko‘prik barpo etmoqdamiz”, — deya xulosa qilgan Shavkat Mirziyoyev, mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlash barcha davlatlar oldidagi umumiy vazifa ekanini ta’kidladi.