
- 4
- 02.02.2023 10:40:00
- 1 min read
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 17 iyun kuni Andijon tumanidagi adirlikda Yangi Andijon shaharchasi qurilishiga poydevor qo‘ygan edi. Bugungi kunda ko‘p qavatli uylar, maktab va bog‘chalar qad ko‘tarmoqda.
1 fevral kuni bu yerda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish va aholi bandligini ta’minlash choralari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Mamlakat iqtisodiyoti va aholi o‘sishi bilan elektr iste’moli ham kundan-kunga oshmoqda. So‘nggi besh yilda yurtimizda xonadonlar 1 million 200 mingtaga ko‘paydi, korxonalar soni esa 260 mingtaga yetgan. Bular elektr energiyasiga bo‘lgan talabni 35 foizga oshirdi. Xususan, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida elektrga talab 40 foizga ko‘paygan.
– Bunday sharoitda eng to‘g‘ri yechim qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois yig‘ilishda quyosh va shamol stansiyalari loyihalariga e’tibor qaratildi.
Bu yil Pop va Farg‘ona tumanlarida 600 Megavattli 2 ta quyosh stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta va Farg‘onada 27 ta mikro gidroelektr stansiya qurish imkoniyati bor.
Davlatimiz rahbari yirik korxonalarda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, umuman, ularni elektr bilan o‘zini o‘zi ta’minlashga o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.
manba: presitent.uz