
- 1
- 27.11.2025 11:20:00
- 1 min read
Kecha, 26-noyabr kuni Gonkongning shimolidagi Tay Po tumanidagi ko‘p qavatli turarjoy majmuasida boshlangan yong‘in natijasida qurbonlar soni 40 dan oshdi. Gonkongning maxsus ma’muriy hududi rahbari Jon Li ma’lum qilishicha, kamida 44 kishi vafot etgan, 270 dan ortiq odam bedarak yo‘qolganlar sifatida ro‘yxatga olingan.
Yong‘in avval bambukdan qurilgan materiallarda tez tarqalib, so‘ng yuqori qavatli boshqa binolarga ham o‘tgan. Hukumat yong‘inga eng yuqori – beshinchi darajadagi xavf toifasini berdi.
Yong‘inning rasmiy sababi hali aniqlanmagan, ammo mahalliy aholining xabar berishicha, binoda ta’mirlash ishlari olib borayotgan ishchilar chekishgan bo‘lishi mumkin. Shu sababli 52 dan 68 yoshgacha bo‘lgan uch erkak qo‘lga olindi. Ular ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullangan qurilish kompaniyasi xodimlari bo‘lib, ikki nafari rahbar, biri esa muhandis-konsultant ekanligi aytilmoqda.
Shuningdek, politsiya tekshiruviga ko‘ra, binolarning tashqi qismida ishlatilgan materiallar yong‘inga chidamli emasligi aniqlangan. Huquq-tartibot idoralari kompaniya rahbariyatini beparvolikda ayblab, bu yong‘inning nazoratsiz tarqalishiga va ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lganini bildirdi. Si Szinpin halok bo‘lganlar va jabrlanganlar oilalariga ta’ziya bildirdi.