Ekologiya vazirligi mustaqil qo'mitaga aylantirildi

Ekologiya vazirligi mustaqil qo'mitaga aylantirildi
  • 3
  • 19.11.2025 14:04:00
  • 2 min read

O'zbekistonda ekologiya va turizm sohalari boshqaruv tizimi qayta ko'rib chiqiladi. Bu haqida prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni qabul qilindi. Qarorga asosan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tashkil etiladi. Qoʻmita bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobot beradi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi esa ekologiya organidan ajratilib, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi sifatida qayta tashkil etiladi. Oʻrmon agentligi, Oʻzgidromet va Chiqindilarni boshqarish agentligi Ekologiya qoʻmitasi tasarrufida qoldirildi. Ekologiya qoʻmitasining joriy faoliyatiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi rahbarlik qiladi. Ushbu lavozimga avval ekologiya vaziri bo‘lib ishlagan Aziz Abduqahhorovich Abduhakimov tayinlandi. Shuningdek, Ekologiya qo‘mitasi qulay ekologik holatni barqaror saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, o‘rmonlarni ko‘paytirish, global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va cho‘llanishga qarshi kurashish sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi. Hamda, Ekologiya qo‘mitasi huzurida 15 nafargacha xorijiy va mahalliy ekspertlarni fuqaroviy-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilgan holda ekologiya sohasidagi “Ekoloyihalar fabrikasi”; O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tashkiliy tuzilmasida 2 ta shtat birligidan iborat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasi; 2026-yil 1-apreldan boshlab 2-ilovaga muvofiq ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi; Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tashkil etiladi. Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi. Ekopolitsiya boshlig‘ining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hisoblanadi va Ekopolitsiyaning tezkor shtabiga rahbarlik qiladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News