Aliment to‘lovchilar sug‘urta polisi orqali chet elga chiqishi mumkin bo‘ldi

Aliment to‘lovchilar sug‘urta polisi orqali chet elga chiqishi mumkin bo‘ldi
  • 2
  • 27.11.2025 09:23:00
  • 1 min read

O‘zbekistonda aliment to‘lovchilarga yangi qulaylik joriy etildi. Yangi tartibga ko‘ra, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxslar sug‘urta polisi rasmiylashtirgan holda chet davlatga uch oygacha muddatga borib kelishi mumkin.

Bosh prokuratura, IIV va DXXning qo‘shma qarori bilan chiqarilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, sug‘urta polisini ilova qilgan holda murojaat qilgan aliment qarzdorining chet elga chiqish cheklovi davlat ijrochisi tomonidan vaqtincha to‘xtatiladi. Sug‘urta polislari ushbu faoliyat bo‘yicha litsenziyaga ega kompaniyalar tomonidan beriladi. Uning mavjudligi Majburiy ijro byurosi tomonidan axborot tizimi orqali avtomatik tekshiriladi.

Ushbu sug‘urta turi aliment to‘lovchining chet davlatga borib, qaytib kelmasligi oqibatida to‘lovlarni amalga oshirmaslik xavfini qoplaydi. Sug‘urta shartlari MIB va sug‘urtalovchilar o‘rtasidagi bosh kelishuvda belgilanadi. Yangi tartib 26-noyabrdan kuchga kirgan. 

Avvalgi tartibda chetga chiqish cheklovi faqat sog‘lig‘i bo‘yicha zarurat, yoki Prezident, Vazirlar Mahkamasi yoki parlament delegatsiyasi tarkibiga kiritilgan hollarda vaqtincha bekor qilinardi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News