
- 9
- 26.09.2026 17:25:00
- 1 daq o'qish
24-sentabr kuni harbiy sud Taftish.uz tahririyati xodimlari va DXXning OAV faoliyatini nazorat qiluvchi boshqarmasi zobitlariga oid jinoyat ishini yopiq sud majlisida ko‘rib, hukm chiqardi.
Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning ma’lum qilishicha, nashr rahbari G‘ayrat Aberayev 10 yil 6 oyga, jurnalist Marjona Eshquvvatova esa 4 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum qilingan. Tahririyatning yana ikki vakili hamda sobiq DXX xodimlariga ham 10 yildan ortiq qamoq jazosi tayinlangan.
Sudlanuvchilarga tuhmat, haqorat, firibgarlik va tovlamachilik kabi moddalar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgani aytilmoqda.
Hukm hozircha qonuniy kuchga kirmagan. Oliy sud matbuot kotibi Surayyo Xojamqulova rasmiy ma’lumot hukm qonuniy kuchga kirganidan keyin berilishini bildirgan.
Taftish.uz xodimlari 2026-yil yanvarida tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingan edi. IIV o‘shanda ularga fuqarolarni obro‘sizlantiruvchi materiallarni tarqatish yoki internetdan o‘chirish evaziga pul talab qilish ayblovi qo‘yilganini ma’lum qilgan.