
- 1
- 21.10.2026 13:42:00
- 1 daq o'qish
Moskvadagi “Skolkovo” boshqaruv maktabida inson umrini uzaytirishning iqtisodiyot, mehnat bozori va davlat siyosatiga ta’sirini o‘rganuvchi laboratoriya ish boshladi. Tadbirda Vladimir Putinning qizi, tibbiyot mutaxassisi Mariya Voronsova ham qatnashdi.
Uning aytishicha, uzoq umr ko‘rishning birinchi bosqichi — sog‘lom turmush tarziga rioya qilib, tabiiy umr davomiyligi hisoblangan 85–90 yoshgacha yashash. Ikkinchi bosqich esa ilm-fan yordamida insonning tabiiy umr chegarasidan chiqishga urinishdir. Voronsova buni “Xudoni yoki tabiatni aldash” deb ta’rifladi. Shu bilan birga, Voronsovaning taxminiga ko‘ra, 10–20 yildan so‘ng “o‘lim oldidagi umumbashariy qo‘rquv” sog‘liqni saqlash sohasi mutasaddilarini ushbu muammoni hal etishga undaydi.
Rossiyada qarishga qarshi preparat, jumladan, “qarilikka qarshi vaksina” ishlab chiqish ishlari ham olib borilmoqda. Mamlakat hukumati bunday preparatni ishlab chiqarishni 2028–2030-yillarda yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.
Rossiya 2030-yilgacha o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga, 2036-yilgacha esa 81 yoshga yetkazishni maqsad qilgan. Hozir bu ko‘rsatkich 74,2 yoshni tashkil etadi.