
- 4
- 21.06.2023 16:11:00
- 2 daq o'qish
EastFruit tahlilchilariga ko‘ra, O‘zbekiston Yevropa va Yaqin Sharqqa piyoz yetkazib berish bilan bog‘liq keskin vaziyat fonida yaxshigina foyda ko‘rgan.
Mamlakatda piyoz eksportiga qo‘yilgan taqiq olib tashlangan sana (2023 yilning 15 marti)dan boshlab to 2023 yilning may oyi oxiriga qadar O‘zbekiston 157 ming tonnadan ortiq piyoz eksport qilgan.
“Bu qisqa vaqt ichida yangi rekord. 2,5 oy davomida piyoz eksportidan tushgan umumiy tushum 29,2 million AQSH dollariga yetdi”, – deyiladi nashr chop etgan maqolada.
Piyoz eksporti mart oyi o‘rtalarigacha taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, 2023 yilning may oyi oxiri holatiga eksport hajmi 2022 yildagi jami eksportga nisbatan 33 foizga yuqori bo‘lgan.
O‘z navbatida eksport geografiyasi ham sezilarli darajada kengaygani ko‘rinadi. O‘tgan yili o‘zbek piyozi asosan shu mintaqaning olti davlatiga va Ukrainaga jo‘natilgan bo‘lsa, 2023 yilda o‘zbek piyoziga 18 davlat xaridor bo‘lgan.
Jumladan, nashrga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining beshta davlati O‘zbekistondan piyoz import qilmoqda. Ular – Polsha, Latviya, Litva, Estoniya va Chexiya. Sharqiy Yevropada esa o‘zbek piyozining katta hajmi Ukraina, Moldova va Gruziyaga yetkazib berilgan.
Piyoz mahsuloti eng ko‘p Qozog‘iston (92,3 ming tonna), Rossiya (47,3 ming tonna), Qirg‘iziston (7,1 ming tonna), Belarus (3,1 ming tonna) hamda Latviya (1,9 ming tonna) davlatlariga eksport qilingan.
Mahsulot, jumladan, nisbatan noodatiy bo‘lgan, Pokiston (51 tonna) va Iroq (47 tonna)qa ham eksport qilingan.
Manba: xabar.uz