Prezident pedofillarga nisbatan umrbod qamoq jazosini nazarda tutuvchi qonunni imzoladi

Prezident pedofillarga nisbatan umrbod qamoq jazosini nazarda tutuvchi qonunni imzoladi
  • 21
  • 14.10.2026 17:26:00
  • 1 daq o'qish

Prezident Shavkat Mirziyoyev bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonunni imzoladi. Hujjat bilan 5 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartirishlar kiritiladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Qonunga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Bunday og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddati ham cheklanmaydi.
Shuningdek, bolaga jismoniy yoki ruhiy azob bergan shaxslar, jumladan, ta’lim muassasalari xodimlari va yaqin qarindoshlar ham qonun oldida javob beradi. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyatlar uchun belgilangan jazoni yengillashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, bolalarning hayoti, sog‘lig‘i va sha’niga tajovuz qilgan shaxslar qat’iy javobgarlikka tortilishi kerak.
Qonun loyihasi “Adolat” SDP fraksiyasi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. Uni Qonunchilik palatasi sentabr oyida qabul qilgan, Senat esa 2-oktabr kuni ma’qullagan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News