Ta’lim va ilm-fan vaziriga uch nafar o‘rinbosar tayinlandi

Ta’lim va ilm-fan vaziriga uch nafar o‘rinbosar tayinlandi
  • 1
  • 21.10.2026 10:59:00
  • 1 daq o'qish

Prezident qaroriga muvofiq, 20-oktabr kuni Ta’lim va ilm-fan vaziriga o‘rinbosarlar tayinlandi. Jumladan, Oybek Yo‘ldoshev vazirning birinchi o‘rinbosari, Mehriniso Pardayeva va Sanjar Mirzaliyev esa vazir o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlandi.

Oybek Yo‘ldoshev tayinlovga qadar “PwC Uzbekistan” kompaniyasida davlat sektori, infratuzilma va ESG yo‘nalishlari bo‘yicha konsalting amaliyoti direktori sifatida faoliyat yuritgan.

Mehriniso Pardayeva vazir o‘rinbosari etib tayinlangunga qadar Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida Ta’limni pedagogik-psixologik qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Sanjar Mirzaliyev mehnat faoliyati davomida Turin politexnika universiteti, “O‘zagrotexsanoatholding” hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan. 2026-yil 14-mayda esa Belarus–O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutining ijrochi direktori etib tayinlangan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 3-oktabr kuni Prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligiga Erkinjon Turdimov yangi vazirlik rahbari etib tayinlandi. Shuningdek, Ilxom Siradjev vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritadi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News