
- 7
- 14.10.2026 17:47:00
- 1 daq o'qish
O‘zbekistonda respublika kitobxonlik tanlovida yuqori natijalarga erishgan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish taklif etilmoqda. Tegishli qonun loyihasi 13-oktabr kuni Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Loyihaga ko‘ra, tanlovda yuqori natija ko‘rsatgan askarlar xizmat muddatini qisqartirish orqali rag‘batlantirilishi mumkin. Bu tashabbus harbiylar o‘rtasida kitob o‘qishni ommalashtirish, mutolaa madaniyatini rivojlantirish hamda ularning bilim va dunyoqarashini oshirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, qonun loyihasida oliy harbiy, jumladan, xorijiy oliy harbiy ta’lim muassasalarining uchuvchi mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilari bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash ham taklif etilmoqda. Bu orqali tajribali va malakali uchuvchilarning salohiyatidan samarali foydalanish hamda harbiy aviatsiyani rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasi hozircha faqat birinchi o‘qishda qabul qilingan. Shu sababli kitobxonlik tanlovida g‘olib bo‘lgan askarlarning xizmat muddati bir oyga qisqartirilishi haqidagi taklif hali kuchga kirmagan.