O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha yana subsidiya berish boshlandi

O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha yana subsidiya berish boshlandi
  • 4
  • 03.10.2023 13:45:00
  • 2 daq o'qish

O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha yana davlat subsidiyalarini berish yana boshlandi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali xabar berdi.

Subsidiya olishga 18 yoshga to‘lgan fuqarolar murojaat qilishlari mumkin. Subsidiya daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga ijtimoiy mezonlar asosida beriladi.

Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi hukumat qaroriga ko‘ra:

  • qishloqlarda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 3 baravaridan (2 million 466 ming so‘m) 6,9 baravarigacha (5 million 671 ming 800 so‘mgacha);
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida belgilangan MHTEKMning 3 baravaridan (2 million 466 ming so‘m) 8 baravarigacha (6 million 576 ming so‘mgacha);
  • Toshkent shahrida belgilangan MHTEKMning 3 baravaridan (2 million 466 ming so‘m) 9,2 baravarigacha (7 million 562 ming 400 so‘mgacha) bo‘lgan oilalar yuqori daromadga ega emas, deya eʼtirof etiladi.

Subsidiya uchun ariza yuborish tartibi

Fuqarolarimiz ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun my.gov.uz portali orqali elektron tarzda ariza yuborishlari mumkin. 

Murojaatchi my.gov.uz portalining “Mening arizalarim” bo‘limiga kelib tushgan ijobiy xabarnomadan so‘ng javobda ko‘rsatilgan uy-joyning yuqori qiymatidan oshmagan qiymatdagi uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish yuzasidan qurilish (pudrat)tashkiloti bilan shartnoma tuzadi. Subsidiyalar bir oilaga (oila aʼzolarining bittasiga) faqat 1 marta beriladi.

O‘zbekistonda 1-maydan boshlab rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratilishi haqida xabar berilgan edi. Shavkat Mirziyoyev 13-aprel kuni bu borada tegishli farmonni imzolagan. Bunda, ushbu fuqarolarning to‘lov qobiliyati ularning bank kartasidagi aylanmasi, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarini hisobga olgan holda aniqlanadi.

Manba: Daryo.uz

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News