
- 16
- 08.10.2026 16:07:00
- 1 daq o'qish
Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni Turkmanistonda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.
Prezident mintaqadagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, savdo va investitsiyalarni kengaytirish, qo‘shma sanoat loyihalarini amalga oshirish hamda transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish taklif qilindi.
Shuningdek, energetika, suv resurslari, ekologiya va muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. “Yashil” energetika bo‘yicha qo‘shma konsepsiya va Markaziy Osiyodagi muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratish taklif etildi.
Mirziyoyev, shuningdek, sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar asosida umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratish, talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha mintaqaviy atlas ishlab chiqishni taklif qildi.
2027-yilda Xivada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish ham taklif etildi. Sammit yakunida davlat rahbarlari Qo‘shma bayonotni qabul qildi va qator hujjatlarni imzoladi.