Shavkat Mirziyoyev Bokudagi sammitda muhim tashabbuslarni ilgari surdi

Shavkat Mirziyoyev Bokudagi sammitda muhim tashabbuslarni ilgari surdi
  • 8
  • 15.10.2026 17:20:00
  • 2 daq o'qish

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Bokuda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etdi. Unda davlat rahbari Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi.

Prezidentning sammitidagi nutqidan asosiy fikrlar:

📌Bugungi kunda dunyo chuqur geosiyosiy o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda, yangi tahdid va xatarlar paydo bo‘lmoqda. Bu vaziyat yanada yaqin hamkorlik va birgalikda qarorlar qabul qilishni talab etadi;

📌Har qanday nizo va kelishmovchiliklar faqat tinch yo‘l bilan, siyosiy-diplomatik vositalar orqali, xalqaro huquq va barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda hal etilishi zarur;

📌“Biz Yaqin Sharqdagi qarama-qarshilik va G‘azodagi gumanitar vaziyatni katta tashvish bilan kuzatib boryapmiz. Ushbu mintaqada tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi tarafdorimiz”;

📌OHIChKning asosiy maqsadi Osiyoda o‘zaro hamkorlikning yaxlit infratuzilmasini shakllantirish, o‘zaro uyg‘un va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan harakatlar, majburiyatlarni bajarish asosidagi munosabatlarning barqaror tizimini yaratish bo‘lishi kerak;

📌Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, unda Kengashni uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, davlatlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash taklif etildi;

📌Texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusi ilgari surildi;

📌Iqlim barqarorligi sohasida sheriklik qilish bo‘yicha tashabbus taklif qilindi. Bu suvni tejaydigan texnologiyalarni birgalikda joriy etish, “yashil” energetikani rivojlantirish va atrof-muhit holatini doimiy kuzatib borish imkonini beradi;

📌O‘zbekiston Kengashning Inson mezoni bo‘yicha koordinatori sifatida ta’lim, madaniyat va gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda va kelgusi yili Inson salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha forumni o‘tkazishga tayyor;

📌O‘zbekiston OHIChKning tashkiliy asoslarini yanada mustahkamlash va uning nizomini takomillashtirish borasidagi ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ilgari surilayotgan tashabbuslar o‘zining amaliy ijrosini topishi muhim.

Shuningdek, Shavakt Mirziyoyev sammit ishtirokchilarini 2027-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Qo‘shilmaslik harakati sammitiga ham taklif qildi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News