Yangi Toshkentga 200 milliard dollargacha investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda

Yangi Toshkentga 200 milliard dollargacha investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda
  • 12
  • 12.10.2026 10:33:00
  • 2 daq o'qish

Shavkat Mirziyoyev bugun Yangi Toshkentga tashrifi davomida investor va tadbirkorlar bilan uchrashib, shaharda qurilish ishlarini jadallashtirish hamda xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish masalalarini muhokama qildi.

Qayd etilishicha, loyiha boshlanganidan buyon Yangi Toshkentga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilgan. Umumiy maydoni 20 ming gektarni tashkil etuvchi shaharning birinchi bosqichida 6 ming gektar hududda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Yangi aeroport bilan birgalikda hududning investitsiya salohiyatini 200 milliard dollargacha yetkazish mumkin.

Davlat rahbari xususiy sektorni jalb etish sur’atlari mavjud imkoniyatlarga mos emasligini ta’kidladi. Hozirga qadar tadbirkorlarga atigi 94 gektar yer ajratilgan, investorlarga berilgan 28 ta lotda esa faol qurilish boshlanmagan. Bunga ruxsat olish jarayonlarining cho‘zilishi, ortiqcha talablar va ayrim idoralar faoliyatidagi muammolar sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Prezident Yangi Toshkentni nafaqat turar joylar, balki biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatish rivojlangan mustaqil iqtisodiy markazga aylantirish zarurligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan tadbirkorlarga yer ajratishdan tortib, loyihalarni ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, Yangi Toshkentda bir gektar yerning o‘rtacha qiymati 2024-yilda 10 milliard so‘mga yetmagan bo‘lsa, hozir 19 milliard so‘mga chiqqan. Yil oxirigacha shaharda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu kamida 70 ming kishini yangi uy-joy bilan ta’minlash imkonini beradi.

Shuningdek, shaharda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming o‘rinli stadion qurilmoqda. U kelasi yili 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining asosiy arenalaridan biri bo‘ladi. Stadion atrofida mehmonxonalar, restoranlar va ko‘ngilochar maskanlarni rivojlantirish uchun tadbirkorlarga zarur sharoit yaratish topshirildi.

Yangi Toshkentda davlat idoralarini joylashtirish ishlari ham davom etmoqda. Vazirlik va idoralarning 2,6 ming nafar xodimi uchun 9 ta bino qurilmoqda. Bosh vazirga qolgan vazirliklar va davlat tashkilotlarini ham yangi shaharga ko‘chirish ishlarini boshlash topshirildi.

Tashrif doirasida Prezident Yangi Toshkent hududidagi bir qator obyektlarni foydalanishga topshirish va yangi loyihalar qurilishini boshlash marosimlarida ham ishtirok etadi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News