“Taqdirimizni faqat muallim hal qiladi” — Shavkat Mirziyoyev

“Taqdirimizni faqat muallim hal qiladi” — Shavkat Mirziyoyev
  • 16
  • 30.09.2026 16:05:00
  • 1 daq o'qish

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi O‘zbekiston” universitetiga tashrif buyurib, ta’lim sohasidagi islohotlar bilan tanishdi va pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralarni ma’lum qildi.
Davlat rahbari ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlaridagi ilg‘or pedagoglarni rag‘batlantirish uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilishini bildirdi.
Shuningdek, joriy yilda ilk bor o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovida barcha tuman va shaharlardan 208 nafar o‘qituvchi g‘olib bo‘lgani va ularning har biriga 616 million so‘mdan pul mukofoti berilgani ma’lum qilindi.
Matematika, fizika, kimyo va biologiya kabi fanlar o‘qituvchilari uchun quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi:
milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga oylik maoshiga 50 foiz ustama to‘lanadi;
har yili 208 ta tuman va shahardagi lider o‘qituvchiga 30 million so‘mdan mukofot beriladi;
1 ming nafar o‘qituvchi Buyuk Britaniya, Fransiya va Singapur kabi davlatlarga stajirovkaga yuboriladi;
kamida 15 yil ish stajiga ega pedagoglarning farzandlariga oliygoh kontraktini to‘lash uchun foizsiz kredit ajratiladi.
Uchrashuvda Mirziyoyev ustozlarning mamlakat kelajagidagi o‘rniga alohida to‘xtalib, “Taqdirimizni faqat muallim hal qiladi”, dedi.
Shuningdek, prezident maktabda o‘qigan yillarini eslab, o‘sha davrda o‘quvchilar har yili 4–5 oy paxta yig‘imiga jalb qilinganini aytdi.
“Bolalarimizni paxta dalasidan maktab partasiga, o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga qaytardik”, — dedi davlat rahbari.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News