
- 4
- 27.09.2023 07:19:00
- 1 daq o'qish
Talabalar klinik imtihonlardan o‘ta olsa, shifokor bo‘lib ishlashiga ruxsat beriladi. 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura bosqichlari talabalarining nazariy hamda amaliy bilim-ko‘nikmalari inson omilisiz, maxsus robot-simulyatorlar orqali baholanadi. Bu haqda SSV ilm-fan va ta’lim boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Ismoilov ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, talabalar klinik imtihonlardan o‘ta olsa, shifokor bo‘lib ishlashiga ruxsat beriladi.
2024/2025 o‘quv yilidan barcha davlat va nodavlat tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida ikki bosqichli davlat imtihonlarini o‘tkazish tizimi joriy etiladi.
1-bosqichda talabalar fundamental fanlar bo‘yicha yakuniy davlat imtihonlarini topshirsa, 2-bosqichda klinik fanlarni o‘zlashtirganlik darajasi baholanadi.
Dastlabki imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlarga kursdan kursga o‘tishga, klinik bilimlarga oid sinovlarda yaxshi natija ko‘rsatganlarning esa amaliyotda shifokor bo‘lib ishlashiga ruxsat etiladi.
Shuningdek, ordinaturaga va internaturaga kirish imtihonlari ham inson omilimiz o‘tkaziladi. Shu paytgacha suhbat asosida o‘tkazib kelingan qabul jarayonlariga chek qo‘yiladi. Klinik ordinatura va internatura mutaxassisliklari bo‘yicha kirish imtihonlari bir bosqichli test sinovlari asosida Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi.
Bunda har bir talabgor uchun BHMning yarim baravari miqdoridagi to‘lov tegishli tibbiy ta’lim muassasasi tomonidan to‘lab berilishi belgilangan. Qabul jarayonlari yiliga 2 marta tashkil etilishi ham nomzodlar uchun qo‘shimcha imkoniyat beradi.
Manba: uznews.uz