
- 9
- 15.10.2026 11:14:00
- 1 daq o'qish
Saudiya Arabistoni Oliy sudi Facebook’dagi izohi uchun o‘limga hukm qilingan 27 yoshli Shri Lanka fuqarosi Anojan Sivarasaga chiqarilgan hukmni bekor qildi. Bu haqda BBC Shri Lanka rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Shri Lanka tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Arun Hemachandraning ma’lum qilishicha, sud 14-oktabr kuni hukmni bekor qilgan. Bunga Shri Lanka hukumati va diplomatlarining Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan olib borgan muzokaralari ham sabab bo‘lgan. Hozircha erkakning qachon ozod etilishi haqida ma’lumot berilmagan.
Erkak iyun oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda hindu ziyoratchilariga ergashib yurgan itni bir yigit tepib yuborgani aks etgan video tarqalgan. Video ortidan diniy mavzuda bahslar boshlangan. Shu jarayonda Sivarasa tamil tilida Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarni haqorat qiluvchi izoh yozgan. U izohni tez orada o‘chirib, kechirim so‘ragan videoni ham e’lon qilgan. Biroq izohning skrinshoti tarqalib ulgurgan. Natijada u iyul oyida hibsga olingan.
Dastlab Al-Ahsa jinoyat sudi unga besh yil qamoq jazosi va 3 million Saudiya riyoli miqdorida jarima tayinlagan. Keyinchalik apellyatsiya sudi uning jazosini o‘lim jazosiga o‘zgartirgan.
Oliy sud o‘lim jazosi haqidagi hukmni bekor qilgan bo‘lsa-da, Sivarasaning ozod etilishi yoki ish bo‘yicha keyingi sud jarayonlari haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Uning oilasi 28-sentabrdan beri u bilan bevosita bog‘lana olmaganini bildirgan.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari ham Saudiya Arabistonini Sivarasaning hayotini saqlab qolishga chaqirgan.