Aliyev Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy operatsiyani tugatish shartini aytdi

Aliyev Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy operatsiyani tugatish shartini aytdi
  • 6
  • 20.09.2023 11:17:00
  • 2 daq o'qish

19-sentabr kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev AQSH Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken bilan telefon suhbati o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. Muzokaralarda Aliyev tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘da boshlangan “aksilterror” operatsiyasi u yerdagi arman harbiylar qurollarini topshirsagina, to‘xtatilishini aytgan. Bu haqda Ozarbayjon rahbari saytida ma’lum qilindi.

Aliyev operatsiya sabablari sifatida Armaniston harbiylari tomonidan Ozarbayjon harbiylarining o‘qqa tutilishi va sabotaj, shuningdek, Qorabog‘da “prezidentlik saylovlari” o‘tkazilishini sanagan.

 “Ushbu harakatlar Armaniston va ular tomonidan yaratilib, qo‘llab-quvvatlayotgan separatistik tashkilot tomonidan Ozarbayjon suverenitetiga qarshi qasddan uyushtirilgan provokatsiyalarning davomi bo‘lmoqda”, — deyiladi hisobotda.

 Operatsiya “shunday provokatsion harakatlarining oldini olish uchun” boshlangan.

Qorabog‘da jangovar harakatlar boshlanishidan oldin Armaniston va Ozarbayjon bir-birini o‘t ochish va provokatsiyalarda bir necha bor ayblagan. Yerevan tan olinmagan respublika hududida arman harbiylari yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, harbiy amaliyotlar davomida “faqat qonuniy harbiy nishonlar yo‘q qilinadi”, tinch aholi va infratuzilmaga hujum qilinmaydi.

“Mintaqadagi armanlar bir necha bor Boku bilan muloqotga taklif qilindi, biroq aholi buni rad etdi”, — dedi Ozarbayjon rahbari.

Blinken Bokuni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatib, muloqotga qaytishga, jumladan, Tog‘li Qorabog‘ aholisi vakillari bilan muloqotga qaytishga chaqirgan. Qayd etilishicha, Aliyev bunga tayyorligini bildirgan.

Davlat kotibi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan ham muzokaralar olib borgan va unga Vashington Armaniston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qilgan. Pashinyanning veb-saytida aytilishicha, u Blinken bilan “keskinlikni pasaytirish uchun xalqaro mexanizmlardan foydalanish zarurati” haqida ham gaplashgan.

Manba:Daryo.uz

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News