Toshkentda rekord darajada ko‘p noqonuniy sigaretalar yoqib yuborildi

Toshkentda rekord darajada ko‘p noqonuniy sigaretalar yoqib yuborildi
  • 7
  • 07.07.2023 11:28:00
  • 2 daq o'qish

Bojxona qo‘mitasi va bir qator tashkilotlar hamkorligida 228 ming 144 quti noqonuniy muomaladan olingan sigaretalarni yo‘q qilish tadbiri tashkil etildi.Toshkent shahrida o‘tkazilgan tadbirda yoqib yuborilgan barcha sigaretalar bir xonadondan topilgani, ularning bahosi qariyb 3,3 milliard so‘mni tashkil etishi aytildi.Maʼlum qilinishicha, joriy yil 22-fevral kuni Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari vakillari poytaxtning Mirobod tumanidagi xonadonlardan birida tezkor tadbir o‘tkazgan. U yerda xorijda ishlab chiqarilgan va noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan 140 dan ziyod turdagi 228 ming 144 quti tamaki mahsulotlari qonunga xilof tarzda saqlanayotgani aniqlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudining joriy yil 15-iyundagi hukmiga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil tariqasida olingan mazkur tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish belgilangan.

Jurnalist va blogerlar uchun uyushtirilgan brifingda mas’ullar 2022-yilda bojxona organlari tomonidan 338 ta huquqbuzarlik holatlarida 19,8 milliard so‘mlik 1 million 619 ming quti sigaret tovarlarining noqonuniy realizatsiyasiga chek qo‘yilganini aytdi. Mazkur huquqbuzarlik holatlari yuzasidan bojxona organlari tomonidan 85 ta holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, 253 ta holatda maʼmuriy ishlar yuritilib, ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.Joriy yilning o‘tgan 6 oyida bojxona organlari tomonidan 155 ta huquqbuzarlik holatlarida 37,5 milliard so‘mlik 1 million 610 ming quti sigaret tovarlarining noqonuniy realizatsiyasiga chek qo‘yilgan. Mazkur huquqbuzarlik holatlari yuzasidan bojxona organlari tomonidan 53 ta holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, shuningdek 90 ta holatda maʼmuriy ishlar yuritilib ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan. Bundan tashqari, noqonuniy sigaret mahsulotlari bilan bog‘liq 12 ta huquqbuzarlik holatlari bojxona organlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

2022-yilda noqonuniy muomaladan olingan 1 million qutidan ortiq, 2023-yilning o‘tgan davrida esa 100 ming qutidan ziyod sigaret tovarlari belgilangan tartibda yo‘q qilingan. Tahlillarga ko‘ra, respublikamiz hududiga tamaki mahsulotlarini asosan Turkiya, Rossiya, BAA, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan noqonuniy tarzda olib kirishga urinilmoqda.

Ichki hududlar kesimida tahlil qilinsa, aniqlanayotgan eng ko‘p noqonuniy sigaret mahsulotlari Namangan, Farg‘ona viloyatlari, Toshkent shahri, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

manba: Daryo.uz

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News