
- 13
- 02.10.2026 12:52:00
- 1 мин оқу
Oliy Majlis Senati 2-oktabr kuni bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonunni ma’qulladi. Hujjatga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan ayrim jinsiy jinoyatlar uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi. Qonun prezident imzolashi uchun yuborildi.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatining o‘tib ketishi qo‘llanmaydi. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm chiqarish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish ham taqiqlanadi.
Qonunda zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga dastlabki protsessual jarayonlardan boshlab davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish belgilanmoqda. Voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayoni videoga olinadi, jinsiy jinoyat qurboni bo‘lgan bola bilan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini yuzlashtirish esa alohida tartibda amalga oshiriladi.
Agar zo‘ravonlikni oila a’zosi yoki yaqin qarindoshi sodir etgan bo‘lsa, protsessual jarayonlarda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtiroki majburiy bo‘ladi.
Bundan tashqari, ta’lim va tarbiya muassasalarida bolaga nisbatan zo‘ravonlik qilgani uchun javobgarlikka tortilgan xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadi va ularning kelgusida bolalar bilan ishlashiga cheklov qo‘yiladi. Ota-onalarning bolaga g‘amxo‘rlik qilmasligi va uning asosiy ehtiyojlarini qasddan ta’minlamasligi uchun ham ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi.
Qonun kuchga kirishi uchun uni prezident imzolashi va belgilangan tartibda e’lon qilinishi kerak.