- 5
- 19.10.2026 12:09:00
- 2 мин оқу
Fransiyada yashash xarajatlarining oshishi va ta’lim tizimidagi muammolarga qarshi boshlangan namoyishlar tartibsizliklarga aylandi. 19-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab qariyb 2 400 kishi hibsga olingani, bir namoyishchi halok bo‘lgani va yuzlab huquq-tartibot xodimlari jarohatlangani xabar qilindi.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 17-oktabr kuni namoyishlarda 550 mingga yaqin kishi qatnashgan. Tashkilotchilar esa qatnashchilar sonini 800 mingdan ortiq deb baholagan.
Parij, Marsel, Lion va boshqa shaharlarda do‘konlar talon-toroj qilindi, binolarga zarar yetkazildi va politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. Limoges shahridagi tarixiy shahar hokimiyati binosida yong‘in chiqdi, Liondagi turistik markazga o‘t qo‘yildi, Marselda esa shahar hokimiyatiga hujum qilindi.
Makron tartibsizliklarni qoraladi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron xalqqa murojaat qilib, zo‘ravonliklarni qoraladi va aybdorlar jazolanishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, vayronagarchilik keltirganlar zararni qoplashi, talonchilik qilganlar esa qonun oldida javob berishi kerak.
“Respublikani ag‘darishga uringanlar buning uchun javob berishi lozim”, — dedi Makron.
Prezident hukumatdan voqealardan xulosa chiqarishni, jumladan, razvedka faoliyati va tartibsizliklarni oldindan aniqlash choralarini qayta ko‘rib chiqishni talab qildi. Shuningdek, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalarini zo‘ravonliklarni qoralashga chaqirdi.
Noroziliklar boshqa Yevropa davlatlarida ham kuzatildi
Fransiyadan tashqari Italiyada ham namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Milan va Bolonya shaharlarida namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashdi. Bosh vazir Jorja Meloni zo‘ravonliklarni qoraladi.
Albaniyada ham hukumatga qarshi namoyishlar o‘tkazilib, namoyishchilar bosh vazir Edi Ramaning iste’fosini talab qildi. Ular korrupsiya, ishsizlik va turmush darajasi bilan bog‘liq muammolarga qarshi chiqdi.