
- 0
- 08.07.2026 13:20:00
- 1 мин оқу
Avvalroq, Yunusobod tumanida sodir bo‘lgan YTH oqibatida Lacetti ikkiga bo‘linib ketgani haqida xabar bergandik.
Poytaxt YHXB ushbu avtohalokat tafsilotlarini e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, Lacetti’dagi ikki kishi vafot etgan, yana uch kishi, shu jumladan, ikki nafar voyaga yetmagan bola og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Kia’ni voyaga yetmagan bola boshqargan. U o‘rtog‘i bilan yo‘lda tezlikni oshirib haydagan.
“Dadamning mashinasini kechasi so‘ramasdan olib chiqib ketdim. O‘rtoqlarimni chaqirgan edim. Maqsad ozgina mashina haydash edi. NBU bank tomonidan kelayotgandim, chorrahada Lacetti yo‘lga chiqib qoldi va tezligim katta bo‘lgani sababli mashinani to‘xtata olmay qoldim. Hozir qilgan ishimdan juda afsusdaman. Vafot etgan odamlarning qarindoshlaridan uzr so‘rayman. Ota-onamdan uzr so‘rayman. Unaqa bo‘lishini xohlamagan edim. Ota-onamning yuzini yerga qaratdim”, degan Kia’ni boshqargan bola.
Bolaning otasi mashinaning kalitini olib chiqib ketib, YTHga sabab bo‘lgan o‘g‘liga qanday jazo bo‘lsa, qonun doirasida ko‘rilishiga tayyorligini ma’lum qildi.
Ikkinchi bola esa o‘rtog‘i boshqa mashinaga urilganini ko‘rib shok holatiga tushib, uyga ketib qolgan. Qilgan ishidan afsusdaligini bildirib, kechirim so‘ragan. Uning onasi o‘g‘ilining ishidan hayron qolganini, o‘sha vaqtda uni uyda uxlayapti deb o‘ylaganini aytgan. Hodisa bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.