
- 0
- 22.10.2026 16:23:00
- 1 мин оқу
Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtatida marhumlar tanasini unumdor tuproqqa aylantirishga ruxsat beruvchi qonun qabul qilindi. Ushbu usuldan 2028-yildan boshlab foydalanish mumkin bo‘ladi.
Terraformatsiya (kompost) deb ataladigan jarayonda marhumning tanasi somon, pichan va gulbarglar kabi tabiiy materiallar bilan birga maxsus konteynerga joylashtiriladi. 40–60 kun davomida unga havo yuborib turiladi. Natijada tana o‘simliklar ekishga yaroqli tuproqqa aylanadi va u marhumning yaqinlariga topshiriladi.
Yangi usul an’anaviy dafn va krematsiyaga nisbatan arzonroq, ekologik jihatdan qulayroq muqobil sifatida taklif etilmoqda. Avstraliyada an’anaviy dafn marosimi 50 ming dollargacha tushishi mumkin. Bundan tashqari, qabristonlar uchun yer yetishmovchiligi ham ushbu usulga qiziqishni oshirmoqda.
Qonun loyihasini mustaqil deputat Aleks Grinvich taklif qilgan. Maxsus kompost markazlari 2028-yilgacha ishga tushirilishi kutilmoqda. Hozirda bunday dafn usuliga AQSHning 14 ta shtati va Germaniyaning Shlesvig-Golshteyn hududida ruxsat berilgan.