
- 7
- 05.06.2026 12:07:00
- 1 мин оқу
Qirg‘iziston Jo‘qorg‘i Keneshi (parlamenti) jinsni o‘zgartirishga oid tibbiy amaliyotlarni taqiqlovchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Loyihaga ko‘ra, endilikda jinsni o‘zgartirish bo‘yicha xirurgik operatsiyalar, gormonal terapiya hamda rasmiy hujjatlardagi jinsga oid ma’lumotlarni almashtirish taqiqlanishi mumkin. Qonun tashabbuskorlaridan biri, deputat Bolot Saginayevning takidlashicha, loyiha jinsni o‘zgartirish maqsadidagi har qanday tibbiy aralashuvlarni cheklashni nazarda tutadi. Shuningdek, tug‘ma jinsiy rivojlanish anomaliyalari bilan bog‘liq holatlar uchun istisno saqlab qolinadi. Bunday vaziyatlarda hujjatlarga o‘zgartirish kiritish faqat tibbiy komissiya xulosasi va sud qarori asosida amalga oshiriladi. Parlament vakillari mazkur qonun loyihasini an’anaviy oilaviy qadriyatlarni himoya qilish va amaldagi tibbiy ma’lumotnomalar asosida hujjatlarni o‘zgartirishga imkon beruvchi huquqiy bo‘shliqni bartaraf etishga qaratilgan deb, izohlagan.