
- 5
- 20.10.2026 11:15:00
- 2 мин оқу
O‘zbekistonda 2026-yilning II choragida biznes subyektlari tomonidan e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,8 foizga kamaydi.
Markaziy bankning “Mehnat bozori sharhi”da qayd etilishicha, vakansiyalar sonining qisqarishiga asosan chakana savdo, ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlardagi o‘zgarishlar ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, onlayn ish qidirish faolligi yuqori darajada saqlanib qolgan. Faol rezyumelar soni vakansiyalarga nisbatan tezroq o‘sgani ish izlovchilar va mavjud ish o‘rinlari o‘rtasidagi tafovut kengayayotganini anglatadi.
Hisobotga ko‘ra, bo‘sh ish o‘rinlari kamayishi umumiy bandlik ham pasayganini bildirmaydi. 2026-yilning I choragida iqtisodiyotda band bo‘lganlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,2 foizga oshgan. Bu so‘nggi to‘rt yildagi eng yuqori o‘sish bo‘lib, unga asosan sanoat va xizmatlar sohasi hissa qo‘shgan.
Shuningdek, ish o‘rinlari sonini oshirishni kutayotgan tadbirkorlar ulushi mart oyidagi 40 foizdan iyunda 34 foizgacha tushgan. Xodimlar sonini qisqartirishni kutayotgan biznes subyektlari ulushi esa I chorakdagi o‘rtacha 6,6 foizdan II chorakda 9,2 foizgacha ko‘tarilgan. Markaziy bank ishchi kuchiga talabning susayishi kelgusi choraklarda bandlik ko‘rsatkichlariga ham ta’sir qilishi mumkinligini bildirgan.
Hozirda O‘zbekistonda aholi bandligi va ishsizlik hisobini yuritish tizimini takomillashtirish choralari ko‘rilmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, hokim yordamchilari xatlov natijasida aniqlangan ishsiz va norasmiy band fuqarolarning manzilli ro‘yxatini shakllantirib, ma’lumotlarni “Onlayn mahalla” platformasiga kiritadi. Mazkur ro‘yxat “balans.mehnat.uz” elektron platformasi orqali ham shakllantiriladi. Bunda tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari “Raqamli hukumat” tizimi orqali integratsiya qilinadi.