Yevropa Ittifoqi Temu’ni 200 mln yevro miqdorida jarimaga tortdi

Yevropa Ittifoqi Temu’ni 200 mln yevro miqdorida jarimaga tortdi
  • 0
  • 29.05.2026 15:41:00
  • 2 мин оқу

Yevropa Ittifoqi Xitoyning mashhur onlayn savdo platformasi Temu’ga 200 million yevro miqdorida jarima qo‘lladi. Bunga platformada noqonuniy va xavfli mahsulotlar, jumladan bolalar uchun xavf tug‘diruvchi o‘yinchoqlar hamda nosoz quvvatlash qurilmalari sotilgani sabab bo‘lgan. Bu ҳақда BBC xabar berdi. Yevropa Komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Temu platformadagi mahsulotlarning iste’molchilar uchun tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xavflarini yetarli darajada aniqlamagan va tahlil qilmagan. Komissiya kompaniyani “tizimli xavflarni baholashdagi kamchiliklar”da aybladi. Mustaqil tashkilot tomonidan o‘tkazilgan “sirli xaridor” tekshiruvi davomida Temu orqali xarid qilingan ko‘plab quvvatlash qurilmalari elektr xavfsizligi standartlariga javob bermasligi aniqlangan. Shuningdek, ayrim bolalar o‘yinchoqlarida kimyoviy moddalar me’yordan yuqori ekani hamda bo‘g‘ilish xavfini keltirib chiqaruvchi mayda qismlar mavjudligi qayd etilgan. Temu jarimadan tashqari, 28-avgustga qadar aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha reja taqdim etishi kerak. Shundan so‘ng Yevropa Komissiyasi ikki oy davomida ushbu rejani ko‘rib chiqadi. Yevropa Ittifoqi komissari Henna Virkkunen mazkur qaror Temu uchun “kuchli signal” bo‘lishini ta’kidladi. Temu esa qarorga qo‘shilmasligini bildirib, jarimani nomutanosib deb hisoblayotganini ma’lum qildi. “Biz Yevrokomissiya qarorini diqqat bilan o‘rganmoqdamiz va mavjud barcha variantlarni ko‘rib chiqyapmiz”, — deyiladi kompaniya bayonotida. Mazkur jarima Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni doirasida qo‘llangan ikkinchi yirik jazo chorasi hisoblanadi. Avvalroq, 2025-yil dekabrida Ilon Maskga tegishli X ijtimoiy tarmog‘iga ham 120 million yevro miqdorida jarima solingandi. Temu’ning O‘zbekistondagi faoliyati 2024-yil oxirida O‘zbekistonda elektron tijorat faoliyatiga oid yangi talablar kuchga kirgan edi. Unga ko‘ra, mamlakat foydalanuvchilari bilan ishlaydigan xalqaro platformalar O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘lgan. Temu ushbu talabni o‘z vaqtida bajarmagani sababli 2025-yil 20-martdan platformani bloklash rejalashtirilgani e’lon qilingan. Biroq 18-mart kuni kompaniya O‘zbekiston rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Keyinchalik Soliq qo‘mitasi Temu bilan ayrim masalalar bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini bildirgan edi. 2026-yil mart oyida esa Istiqbolli loyihalar milliy agentligi vakili Kamronbek Muhammadiyev platforma qonunchilik talablariga to‘liq rioya qilgan taqdirdagina O‘zbekistonda faoliyatini tiklashi mumkinligini aytgan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News