
- 4
- 19.09.2026 12:53:00
- 1 daq o'qish
Qoraqalpog‘istonda 2030-yilgacha umumiy quvvati 3,3 ming megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Nukus shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda hududda 860 megavattlik yangi energetika quvvatlari ishga tushirilgan. Beruniy va Qorao‘zakdagi shamol elektr stansiyalari hisobiga “yashil” energiyaning ulushi 23 foizga yetgan.
Kecha Qo‘ng‘irotda qiymati 2,6 milliard dollar bo‘lgan, quvvati 1,5 ming megavattlik shamol elektr stansiyasi qurilishiga start berilgan. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq va 500 kilovoltlik uchta podstansiya barpo etiladi.
2030-yilgacha Qoraqalpog‘istonda “yashil” energiya ulushini 76 foizga yetkazish va 400 megavattlik energiya saqlash quvvatlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Natijada Qoraqalpog‘iston “yashil” energiya ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaning yirik markazlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.