O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirishning yangi dasturi ishlab chiqildi

O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirishning yangi dasturi ishlab chiqildi
  • 0
  • 05.08.2026 18:37:00
  • 2 daq o'qish

Prezident Shavkat Mirziyoyev chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarini rivojlantirish, goʻsht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.


O‘zbekistonda aholi soni va turizm oqimining ortishi sabab oziq-ovqat, ayniqsa go‘sht mahsulotlariga talab oshib bormoqda. Hozirda mamlakatda yillik go‘shtga bo‘lgan talab 2 mln 150 ming tonna, ishlab chiqarish hajmi esa 1 mln 600 ming tonnani tashkil etmoqda.
Shu munosabat bilan 2026–2028-yillarda chorvachilikni rivojlantirish va mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar taqdim etildi.
Rejaga ko‘ra, faoliyati to‘xtagan 103 ta chorvachilik korxonasi qayta tiklanadi, chorvachilikka ixtisoslashgan hududlar qo‘llab-quvvatlanadi, aholi xonadonlarida yengil konstruksiyali molxonalar quriladi hamda yangi loyihalar amalga oshiriladi. Bu orqali yiliga qo‘shimcha 190 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 802 ta yangi loyiha doirasida qoramol, qo‘y va echkilar soni ko‘paytirilib, yiliga yana 20 ming tonna go‘sht va 120 ming tonna sut ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Mo‘g‘uliston, Xitoy, Belarus va Yevropa davlatlaridan naslli chorva mollari olib kelinishi hisobiga yiliga qo‘shimcha 44 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish uchun 463 mln dollar yo‘naltirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Smart Fermer” raqamli platformasi ishga tushirilib, fermerlarga veterinariya xizmatlari, subsidiyalar va chorvachilikni boshqarish bo‘yicha elektron xizmatlar taqdim etiladi.
Parrandachilik yo‘nalishida ham 432 mln dollarlik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ular hisobiga 2028-yilgacha qo‘shimcha 100 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish maqsad qilingan.
Taqdimot yakunida Prezident loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish, mablag‘lardan oqilona foydalanish va ichki bozorni sifatli hamda hamyonbop oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News