
- 0
- 02.05.2026 12:12:00
- 1 daq o'qish
Shavkat Mirziyoyev sunʼiy intellekt va raqamlashtirish sohasidagi islohotlar hamda ustuvor vazifalar to‘g‘risidagi taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, IT xizmatlari eksportini 5 mlrd dollarga yetkazish, 300 ming nafar yoshlarni ish bilan taʼminlash va elektron hukumat rivoji boʻyicha dunyoning yetakchi 30 davlatidan joy olish maqsad qilinganligi ta’kidlandi. Soʻnggi yillarda soha jadal rivojlanib, iqtisodiyotdagi ulushi sezilarli oshib, minglab yangi ish oʻrinlari yaratilgan.Ta’kidlanishicha, hozirda sunʼiy intellekt boʻyicha 100 ga yaqin loyiha amalga oshirilmoqda. Masalan, sanoatda AI qoʻllanilishi energiya va xarajatlarni kamaytirib, samaradorlikni oshirmoqda. Bu yoʻnalishda kuchli infratuzilma, jumladan GPU-klasterlar ham ishga tushirilgan.
Kelgusida tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa sohalarda AI yechimlarini keng joriy etish, 130 dan ortiq maʼlumotlar bazasini tizimlashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, startaplarni qoʻllab-quvvatlash, IT-Park filiallarini kengaytirish va yoshlarning raqamli koʻnikmalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2030-yilgacha taʼlim va infratuzilmani yaxshilash, maktablarni zamonaviy texnika va internet bilan taʼminlash, mahalliy IT mahsulotlar ulushini oshirish hamda kiberxavfsizlikni kuchaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.