
- 0
- 24.04.2026 17:53:00
- 2 daq o'qish
Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda chorvachilik va ozuqa bazasini mustahkamlash, go‘sht importini barqarorlashtirish hamda logistika muammolarini tezkor hal etish masalalari muhokama qilindi. Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning birinchi choragida logistika uzilishlari sabab naslli qoramol importi qariyb 2 baravarga kamaygan. Muammoni bartaraf etish maqsadida samolyot orqali olib kiriladigan har bir naslli qoramol uchun 4 million so‘mgacha subsidiya ajratish, shuningdek, go‘sht importida transport xarajatlarining 50 foizini qoplash tizimi joriy etildi. Mas’ullarga ikkinchi chorak yakuniga qadar 45 ming tonna, yil oxirigacha esa jami 130 ming tonna go‘sht importini ta’minlash topshirildi. Yuk tashish jarayonida yuzaga keladigan to‘siqlarni tadbirkorlar murojaatini kutmasdan turib, onlayn monitoring orqali tezkor hal etish vazifasi ham belgilandi. Yig‘ilishda hududlarda ozuqa ekinlari yetishtirish sur’atlari ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Xususan, 478 ming gektar maydonga ozuqa ekinlari ekish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, Namangan viloyatida yerlarning katta qismida hali ekish ishlari boshlanmaganima’lum bo‘ldi. Zarbdor, Qiziltepa va Pop tumanlarida silos ekish ishlari sust kechayotgani, Amudaryo, G‘ijduvon, Xonqa va Bag‘dod tumanlarida ham mavjud imkoniyatlardan yetarli foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Viloyat hokimlariga mavjud kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish topshirildi. Shu bilan birga, yana 100 ming gektar ekin yerini yangi tizim asosida auksionga chiqarish hamda ularni tez fursatda foydalanishga topshirish zarurligi alohida qayd etildi. Yig‘ilishda sanoat plantatsiyalarini rivojlantirish masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi. Hudud rahbarlariga joriy yilda kamida 5 tadan yirik sanoatlashgan meva-sabzavot plantatsiyasini namunali tarzda tashkil etish vazifasi yuklatildi.