
- 0
- 22.05.2026 11:19:00
- 1 daq o'qish
Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti Sudyalar kengashlari rahbarlarining IV yig‘ilishi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Prezident tabrigida, mazkur anjuman turkiy davlatlar o‘rtasida qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish va sud tizimini takomillashtirish yo‘lidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Yig‘ilishning Samarqand shahrida, Amir Temur tavalludining 690 yilligi xalqaro miqyosida nishonlanayotgan kunlarda o‘tkazilayotgani ramziy ahamiyatga ega ekanini qayd etildi. Murojaatda Turkiy davlatlar tashkilotining turkiy birlik va taraqqiyotni ta’minlashdagi o‘rni yuksak baholanib, sudyalar korpusini rivojlantirish, sud-huquq tizimlarida hamkorlikni kengaytirish va adolat tamoyillarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yig‘ilish doirasida a’zo davlatlarda sudyalar odobining umumiy prinsiplari to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi kutilayotgani, bu esa sud tizimlari o‘rtasidagi hamkorlik va mushtarak axloqiy mezonlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Prezident anjuman qatnashchilariga muvaffaqiyat tilab, forum turkiy davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik, do‘stlik va qardoshlik aloqalarini yanada kuchaytirishiga ishonch bildirdi.