
- 0
- 13.05.2026 11:56:00
- 1 daq o'qish
Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va chorvachilik sohasini rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda mamlakatda oziq-ovqat ta’minotini barqarorlashtirish, mahsulotlarni yetishtirish, saqlash va eksport qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi. Xususan, 2030-yilgacha oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 10 milliard dollarga yetkazish va eksport geografiyasini 100 ta davlatga kengaytirish maqsad qilingan.
Shuningdek, sohada nazoratni birlashtirish va xalqaro standartlarga mos yagona tizim yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda turli idoralar o‘rtasida takrorlanuvchi vazifalar va yagona ma’lumotlar bazasining yo‘qligi eksport jarayonlarida muammolar tug‘dirmoqda. Jumladan, eksportda Yevropa Ittifoqi tomonidan mahsulotlarda pestitsid qoldiqlari bo‘yicha 25 ta ogohlantirish berilgani qayd etildi.
Shu sababli “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida yangi Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. 2029-yildan boshlab esa, eksport jarayonlari agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, majburiy sertifikatlash bosqichma-bosqich bekor qilinib, xavfga asoslangan nazorat tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, yig‘ilishda chorvachilik sohasida yaylovlardan samarali foydalanish, qoramol va qo‘y-echkilar sonini oshirish, naslchilikni rivojlantirish hamda ozuqa bazasini kengaytirish vazifalari ko‘rib chiqildi. Fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun esa, imtiyozli kreditlar, subsidiya va soliq yengilliklari joriy etilishi belgilandi. Yig‘ilish yakunida sohaga oid tizimli islohotlarni amalga oshirish va fermer hamda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.