Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi korxona va isssiqxonalar faoliyati bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi korxona va isssiqxonalar faoliyati bilan tanishdi
  • 6
  • 18.09.2026 16:45:00
  • 1 daq o'qish

Prezident Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida Kegeyli tumanidagi parrandachilik korxonasi va issiqxona majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Qayd etilishicha, “Kegeyli baraka naslli parranda” korxonasi 7,8 mln dollar investitsiya hisobiga tashkil etilgan bo‘lib, 21 gektar maydonni egallaydi. Korxonada 200 mingtagacha tovuq boqish imkoniyati mavjud. Hozirda 130 mingta tovuq parvarish qilinmoqda va 70 nafar mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlangan.



Majmuada yiliga 27,5 mln dona inkubatsion tuxum yetishtiriladi. Korxona mahsulotlarini ichki bozordan tashqari xorijga ham eksport qilmoqda. Joriy yil sentyabr oyigacha Afg‘onistonga 1,1 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Bundan tashqari, tumanda 12,5 mlrd so‘m imtiyozli mablag‘ hisobiga 5 gektarlik issiqxona majmuasi tashkil etilgan. Loyiha doirasida Ijtimoiy reyestrda bo‘lgan 50 ta oila ish bilan ta’minlangan. Har bir oilaga 10 sotixdan issiqxona maydoni ajratilib, ularga 2 yil davomida dehqonchilik va issiqxona yuritish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berib boriladi.



Issiqxonada yiliga 1 ming nafar fuqaroni issiqxona xo‘jaligi va dehqonchilikka o‘qitish ham yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, oilalar daromadini oshirish maqsadida 500 bosh o‘rdakka mo‘ljallangan xo‘jalik tashkil etilib, ularga naslli o‘rdaklar ajratilgan.

Prezident bunday loyihalar aholi bandligi va daromadlarini oshirish, hududning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News