
- 4
- 16.06.2026 11:15:00
- 1 daq o'qish
O‘zbekistonda mahkumlarning kitob o‘qish orqali jazo muddatini qisqartirish tartibi tasdiqlandi. Hukumatning yangi qaroriga ko‘ra, tavsiya etilgan adabiyotlarni o‘qib, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan mahkumlarning jazoni o‘tash muddati qisqartiriladi. Mazkur tartib umrbod ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qarorga muvofiq, test sinovlari “E-mahkum” axborot tizimi orqali tashkil etiladi. Har bir o‘qilgan va muvaffaqiyatli topshirilgan kitob uchun mahkumning jazo muddati uch kunga qisqartiriladi. Biroq, bir yil davomida beriladigan imtiyoz 30 kundan oshmasligi belgilangan.
Mahkumlar test sinovlarini yiliga ikki marotaba topshirishi mumkin. Har bir kitob bo‘yicha 25 ta test savoli taqdim etiladi va har bir savolga javob berish uchun ikki daqiqa vaqt ajratiladi. To‘g‘ri javoblar 4 balldan baholanadi. Maksimal natija 100 ballni tashkil etadi hamda kamida 70 ball to‘plagan mahkum testdan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi.
Test savollari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Imtihonlarni tashkil etish esa, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti zimmasiga yuklatiladi.
Mazkur tizim mahkumlarda ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirish, ularning mutolaa madaniyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlangan. Shuningdek, test natijalaridan norozi bo‘lgan mahkum yoki uning himoyachisi besh ish kuni ichida sudga shikoyat kiritishi mumkin.