
- 6
- 02.05.2026 10:56:00
- 1 daq o'qish
Buxoroda 30-aprel kuni aralash jang san’atlari (MMA) bo‘yicha musobaqa matbuot anjumani Nodir Devonbegi madrasasi hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgandi.
Madrasa oldiga esa turnir reklamasi aks etgan katta banner o‘rnatilgan bo‘lib, unda Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, “1Xbet” bukmekerlik kompaniyasining logotipi joy olgani keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Qolaversa, ushbu holat amaldagi qonunchilik talablariga mutlaqo zid hisoblanadi.
Madaniy meros agentligi Matbuot xizmati CASIA’ga ma’lum qilishicha, madaniy meros obyektlari hududida har qanday ommaviy tadbirlarni o‘tkazish belgilangan tartibda Madaniy meros agentligi bilan kelishilishi va tegishli ruxsatnoma olinishi shart. Ushbu holatda esa ushbu talablar bajarilmagan.
Ma’lum qilinishicha, tadbirni o‘tkazish yuzasidan Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari B. Odilov tomonidan tasdiqlangan nazorat reja Madaniy meros agentligi bilan kelishilmaganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan 2026-yil 28-aprel kuni Agentlikning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan mas’ul shaxslarga tadbirni tegishli ruxsatnoma olinmaguncha to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma xati kiritilgan. Biroq ushbu ko‘rsatma talablari bajarilmasdan tadbir o‘tkazilgani aniqlanib, 2026-yil 29-aprel kuni tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi hamda holat belgilangan tartibda hujjatlashtirildi.
To‘plangan materiallar asosida O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 198⁵-moddasi 1-qismiga muvofiq ma’muriy bayonnoma tuzilib, ish hujjatlari qonunchilikda belgilangan tartibda sud organlariga yuborilgan.