
- 1
- 30.06.2026 13:55:00
- 1 daq o'qish
Toshkent va Navoiy viloyatlarida korrupsiyaga oid bir nechta holatlar aniqlanib, mansabdor shaxslar tezkor tadbirlar davomida qo‘lga olindi. Toshkent viloyatida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tuman bo‘limi inspektori fuqaroga davlat zaxirasidagi 20 gektar yer maydonidan tabiiy chimni ko‘chirib olishga ruxsat beruvchi sertifikat va deklaratsiya hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 2200 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan. Tekshiruv davomida ushbu mablag‘ning 200 dollari inspektorning ulushi ekani, qolgan 2 ming dollar esa, tuman bo‘limi boshlig‘iga berilishi kerakligi aniqlangan. Shundan so‘ng, o‘tkazilgan tezkor tadbirda bo‘lim boshlig‘i ham 2 ming AQSH dollarini olayotgan paytda qo‘lga olingan.
Navoiy viloyatida esa, “Navoiy suv ta’minoti” AJning tuman bo‘limi mashinisti fuqaroni operator lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan. Tadbir davomida ushbu pulni olgan, avval sudlangan bosh muhandis ham qo‘lga olinib, noqonuniy holatga tuman bo‘limi boshlig‘i ham aloqador ekani aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan hozirda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.