
- 0
- 12.06.2026 10:22:00
- 1 daq o'qish
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasida Cobalt haydovchisi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlaridan qochishga uringan va bir nechta avtomobillar ishtirokida ommaviy yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.
Guvohlarning aytishicha, haydovchi qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan hamda yo‘l davomida bir nechta transport vositalariga zarar yetkazgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa Nukus ko‘chasidan boshlanib, Shota Rustaveli ko‘chasigacha bo‘lgan taxminan 3–4 kilometr masofada davom etgan. Voqea joyida o‘q ovoziga o‘xshash tovushlar eshitilgani, shuningdek, tez yordam va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishlayotgani aytilmoqda.
Hodisa tafsilotlari, jabrlanganlar bor-yo‘qligi hamda rasmiy ma’lumotlar hozircha e’lon qilinmagan. Video esa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.