Jarima maydonchasidan mashina endi faqat QR-kod bilan chiqariladi

Jarima maydonchasidan mashina endi faqat QR-kod bilan chiqariladi
  • 0
  • 09.07.2026 11:28:00
  • 1 daq o'qish

2026-yil 1-avgustdan transport vositalarini saqlash joylaridan chiqarib yuborish bo‘yicha ruxsatnomani faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ va ijro organi tomonidan “Jarima maydonchasi” axborot tizimida QR kod bilan tasdiqlash va elektron tarzda yuborish tartibi joriy etiladi. Bunday tartib Vazirlar Mahkamasining 6-iyulda kuchga kirgan 358-sonli qarorida belgilab qo‘yilgan.

Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi ikki oy ichida Soliq qo‘mitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Jarima maydonchasi” axborot tizimini soliq organlari axborot tizimlari bilan integratsiya qiladi.
Natijada jarima maydonchasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar, ushlangan transport vositalari, ularning maydonchaga olib kirilgan va chiqarilgan vaqti hamda undirilgan to‘lovlar haqidagi ma’lumotlar soliq tizimida avtomatik shakllantiriladi.
Shuningdek, ushlangan transport vositalari hisobi, ularni olib kelish va saqlash xizmatlari hamda to‘lovlar “Jarima maydonchasi” tizimi orqali yuritilmasa, xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxsga BHMning 20 baravari miqdorida jarima qo‘llanadi. Agar ushbu holat bir yil ichida takrorlansa, u bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinadi.
Bundan tashqari, transport vositasini ushlab turish sabablari bartaraf etilmasdan turib uni maydonchadan chiqarish yoki undan noqonuniy foydalanish ham xuddi shunday javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Yangi tartibga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi Markaziy bank bilan birgalikda uch oy ichida bozorlar va ularga tutash hududlardagi avtoturargohlarda to‘lovlarni yagona QR-kod orqali amalga oshirish imkoniyatini ham yaratadi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News