
- 4
- 05.08.2026 15:24:00
- 1 daq o'qish
Fabio Kannavaro matbuot anjumanida Jahon chempionati yakunlari, terma jamoa tarkibi, Osiyo kubogiga tayyorgarlik va o‘zi haqidagi mish-mishlarga izoh berdi.
Murabbiyning aytishicha, Jahon chempionatidan so‘ng Italiyaga dam olish uchun emas, O‘zbekiston Superligasidagi tanaffus sabab vataniga borib qaytgan.
Kannavaro Jaloliddin Masharipovning Jahon chempionatida o‘ynay olmaganiga ham to‘xtalib, uni jarohatiga qaramay musobaqaga olib borgani uchun o‘zini tanqid qildi: “Jarohati bor futbolchini Jahon chempionatiga olib borgan dunyodagi yagona ahmoq murabbiy o‘zim bo‘lsam kerak”, — dedi u.
Shuningdek, u Azizbek Turg‘unboyev va Hojimat Erkinov Superligadagi sport formasi talab darajasida bo‘lmagani uchun Jahon chempionati tarkibiga kiritilmaganini bildirdi.
Murabbiy Osiyo kubogiga tayyorgarlik doirasida Janubiy Koreya bilan o‘yin rejalashtirilgani, Eron hamda yana bir kuchli terma jamoa bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini ma’lum qildi. Kannavaro futbolchilarning maydonda bir-biri bilan kam muloqot qilayotganini jamoaning asosiy kamchiliklaridan biri deb baholadi.
Bundan tashqari, u yillik maoshi 4 million yevro ekani haqidagi xabarlarni rad etdi. Shuningdek, yordamchi murabbiylarning ish haqi uning shartnomasi doirasidagi umumiy mablag‘ hisobidan to‘lanishini aytdi.