
- 1
- 31.01.2026 15:30:00
- 1 daq o'qish
O‘zbekistonda endi futbolda tanish-bilishchilik o‘tmaydi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-polkovnik Bahodir Qurbonov 30-yanvar kuni Toshkentda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining o‘tkazilgan navbatdagi hisobot-saylov kongressida ma’lum qildi. Yig‘ilish yakunida esa Bahodir Qurbonov delegatlar tomonidan bir ovozdan O‘FA prezidenti lavozimiga qayta saylandi.

Hisobot kongressida “Milliy futbol elektron platformasi” masalasi ko‘tarildi. Qurbonovga ko‘ra, avval futbolchilar bo‘yicha yagona umumiy baza yo‘qligi sabab klublar tayyorlov (mashg‘ulot) to‘lovlari kabi huquqiy-iqtisodiy mexanizmlardan to‘liq foydalana olmagan. Endi esa futbol maktabiga kelgan har bir bola va uning murabbiyi elektron ro‘yxatdan o‘tkazilib, futbolchining o‘sish ko‘rsatkichlari tizimda qayd etiladi va muntazam monitoring qilib boriladi. Platformada ro‘yxatdan o‘tgan futbolchi bo‘yicha klublarga FIFA transfer to‘lovlari mexanizmlari orqali daromad olish imkoniyati ham ochilishi aytildi.
Bundan tashqari, Bahodir Qurbonov hakamlik yo‘nalishiga ham alohida urg‘u berib, uchrashuvlarda adolat va ochiqlikni kuchaytirish maqsadida Futbol hakamlari akademiyasi tashkil etilganini qayd etdi. Kun tartibida ayollar hakamlari jamoasini shakllantirish va uni kengaytirish rejasi ham borligi qayd etildi.
Hisobotda yoshlarni saralashda shaffoflik yetarli emasligi, tanish-bilishchilik va mahalliychilik kabi salbiy holatlar uchrayotgani tan olindi. Yechim sifatida esa ilmiy yondashuv asosida yangi saralash tizimi yaratilishi, platformalar orqali iqtidorli yoshlarning o‘sishi kuzatilishi va turli hudud mutaxassislari ishtirokida shaffof seleksiya yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.