
- 0
- 22.05.2026 11:08:00
- 1 daq o'qish
Prezident Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda, hayit kunlarida keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilib, ogʻir kasallikka chalingan 10 ming nafar bolalarda jarrohlik amaliyoti oʻtkazish, 2,3 ming nafar onkologik va gematologik bemorlarni davolash hamda kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi xarajatlarini qoplash ham koʻzda tutilgan.
Shuningdek, 8 mingdan ortiq yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar hamda vatan himoyasi yoʻlida halok boʻlganlarning farzandlari hisobvaraqlariga 200 AQSH dollaridan mablagʻ oʻtkazilishi belgilandi.
Bundan tashqari, 500 ta masjidda tahoratxonalar qurish va taʼmirlash, qabristonlarni obod qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash ishlari amalga oshiriladi. Mazkur tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 milliard soʻm mablagʻ hisobidan moliyalashtiriladi. Shavkat Mirziyoyev barcha yordam va koʻmaklar shaffof hamda manzilli yetkazilishi zarurligini taʼkidladi.