• Like
  • Heart
  • Haha
  • Sad
  • Wow
  • Angry

O‘zbekiston hududidagi Turon cho‘llari YUNESKOning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritildi

O‘zbekiston hududidagi Turon cho‘llari YUNESKOning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritildi
  • 2
  • 20.09.2023 17:02:00

O‘zbekiston hududidagi Turon cho‘llari YUNESKOning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritildi

Bu YUNESKO ro‘yxatiga moʻtadil cho‘llar toifasiga kiritilgan birinchi ob’yekt. Turon cho‘llari uchta davlat - O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston hududida joylashgan. O‘zbekistondagi "Moʻtadil mintaqadagi Turon cho‘llari" transchegaraviy tabiiy ob’yekti YUNESKOning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi .
20 sentyabr kuni Ar-Riyodda (Saudiya Arabistoni) YUNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 45-sessiyasida respublika uchun tarixiy ahamiyatga ega voqea bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston tomonidan YUNESKO maslahatlashuv organi hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi bilan o‘rnatilgan yaqin hamkorlik, shuningdek, Umumjahon merosi qo‘mitasi a’zolari (21 davlat) bilan olib borilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot va siyosiy-diplomatik chora-tadbirlar natijasida ijobiy qaror qabul qilindi.

"Moʻtadil mintaqadagi Turon cho‘llari" Umumjahon tabiiy merosi ob’yektlari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistonning ikkinchi ob’yekti hisoblanadi. 2016 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ishtirokidagi "Gʻarbiy Tyan-Shan" ob’yekti ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan.
E’tiborli jihati shundaki, yangi ob’yekt YUNEKSO ro‘yxatidagi moʻtadil cho‘llar toifasiga kiradigan birinchi ob’yekt hisoblanadi. Hududning O‘zbekistonga doir qismi Orolbo‘yi mintaqasi va Ustyurt platosi hududlarida joylashgan 2 mln gektardan ortiq hududni egallagan bir-biriga chegaradosh beshta tarkibiy qism — Saygachi, Saygachi-Beleuli, Saygachi-Duana, Saygachi-Jideyli (barchasi Shimoliy Ustyurt klasteriga kiradi) hamda Janubiy Ustyurtdan iborat.
"Moʻtadil mintaqadagi Turon cho‘llari"ning Jahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilishi noyob biologik xilma-xillikni saqlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Xususan, bu sut emizuvchilarning 41 turi, qushlarning 167 turi, sudralib yuruvchilarning 42 turi, jumladan qulan, sayg‘oq, jayron, urial va ko‘plab turlarini himoya qilishni xalqaro darajaga olib chiqish imkonini beradi. Global miqyosda yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlar va o‘simliklar alohida ahamiyatga ega", deyiladi xabarda.
Shuningdek, bu ob’yektlarni samarali boshqarish, ulardagi o‘simlik hamda hayvonot dunyosini asrab-avaylash va ommalashtirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng yo‘l ochayotgani ta’kidlandi.

Manba: uznews.uz

Copyrights © 2022 All Rights Reserved by Casia News